Jenevada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan qabul marosimida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mamlakat uchun muhim yangilikni e’lon qildi. Uning aytishicha, tez orada BMTning Yevropadagi markaziy qarorgohida — Palais des Nations binosida “O‘zbekiston xonasi” ochiladi.
“Bu maskan madaniyatimizning mo‘jazgina bir bo‘lagi sifatida ko‘p millatli hamjamiyatga namoyish etiladi. U har qanday qiyinchilik va ziddiyatlarga qaramay, bizning dunyoga ochiqligimiz ramziga aylanadi”, — dedi Mirziyoyeva nutqida.
Qabul marosimida Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning kelajagi, barqaror taraqqiyot, madaniyat va insoniyat uchun umumiy bo‘lgan qadriyatlar haqida ham so‘z yuritdi. U BMT binosidagi yangi xonaning mamlakatning xalqaro maydondagi islohot va hamkorlik siyosatini mustahkamlashini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Jenevadagi Palais des Nations — BMTning Yevropadagi markaziy qarorgohi bo‘lib, unda 2 800 dan ortiq xonalar va 34 ta yirik konferensiya zallari mavjud. Inshoot xalqaro muzokaralar va diplomatik uchrashuvlarning eng muhim markazlaridan biri hisoblanadi.


