Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer Falastinni tan olish qarorini AQSh prezidenti Donald Trampning tashrifi tugagach, ya’ni hafta oxirida e’lon qiladi. U buni Tramp bilan 18-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan qo‘shma matbuot anjumani davomida mavzuning asosiy masalaga aylanib ketishidan xavotirlanib ortga surgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Falastinni rasman tan olishga qat’iy qarshi. Shu sabab bu masala London va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin. Biroq BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishidan oldin Buyuk Britaniya qarorini rasman e’lon qilishi kutilmoqda. Xuddi shu yig‘ilishda Fransiya, Kanada va Avstraliya ham Falastinni tan olishi ehtimoli bor.
Iyul oyida Starmer G‘azodagi og‘irlashib borayotgan insonparvarlik inqirozi ortidan Falastin davlatini tan olish niyatini bildirgandi. Biroq u bu qarorni Isroil o‘t ochishni to‘xtatib, uzoq muddatli tinchlik muzokaralariga rozilik bildirsa va BMT yordam yetkazishni qayta boshlashiga imkon yaratsa, shartli ravishda amalga oshirishini aytgan edi. Ammo Isroil hukumati bu shartlarga rozi emas.
Bugungi kunda Falastin davlatini BMTning 193 a’zo mamlakatidan 147 tasi tan olgan. Shu bilan birga, London meri Sodiq Xon ilk bor G‘azodagi vaziyatni “genotsid” deb atadi. Unga ko‘ra, bolalarning ochlikdan o‘lishi, sog‘liqni saqlash tizimining qulashi va oziq-ovqat tanqisligi “inson qo‘li bilan yaratilgan fojia”dir. BMTning so‘nggi hisobotida ham Isroil Falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etayotganlikda ayblandi, biroq Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu xulosani “buzib ko‘rsatilgan va yolg‘on” deb rad etdi.


