Keniyadagi Leva milliy bog‘ida yengil samolyot jirafa bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqida mahalliy nashrlar xabar bermoqda.
Hodisa 7 avgust kuni sodir bo‘lgan. Uchuvchi uchish-qo‘nish yo‘lagiga eson-omon qo‘ngan va yo‘lovchilarni tushirish punktiga taksi olib ketayotgan edi. Shu payt birdan butalar orasidan ikkita jirafa yugurib chiqib kelgan.
Uchuvchi havo kemasini tormozlashga ulgurmagandi va shu sababli samolyot hayvonlardan biri bilan to‘qnashib ketgan. Jirafalardan biri samolyot parragiga urilib, voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi esa omon qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Yo‘lovchilardan hech kim jabrlanmagan. Hozirda holat yuzasidan politsiya va fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tergov boshlagan.
Maʼlumot uchun, Leva milliy bog‘i Keniyadagi eng mashhur sayyohlik joylaridan biri hisoblanadi. Bu yerda noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan qora karkidon, fil, zebra va boshqa hayvonlar yashaydi.


