Ispaniyaning Kataloniya mintaqasida shahardan shaharga ko‘chib yuruvchi echki podalari o‘rmon yong‘inlari xavfini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbusning bir qismi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan pilot loyiha uch yildirki davom etmoqda va hududdagi yong‘inlar sonini kamaytirishda sezilarli natija bermoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar bergan.
Echkilar o‘zlarining katta ishtahasi bilan quruq, tikanli va yonuvchan o‘simliklarni — hatto kaktus hamda qushqo‘nmaslarni yeb, chakalakzorlarni tozalashda muhim rol o‘ynaydi. Natijada, ular tabiiy “tirik o‘t o‘chiruvchi” vazifasini bajarib, yong‘in tarqalish xavfini pasaytiradi.
Bu amaliyot Ispaniyada yangilik emas. Chorvachilik yordamida o‘rmonlarni tozalash an’analari bir necha asrlik tarixga ega. Hozirda cho‘ponlar Montnegre tog‘ tizmasi yaqinidagi hududlarda echki podalarini yuritib, tabiiy yong‘in to‘siqlarini yaratmoqda.
Loyiha doirasida cho‘ponlarga maosh mahalliy hokimiyatlar tomonidan to‘lanadi, echki suti esa pishloq ishlab chiqaruvchilar tomonidan xarid qilinadi. Shu tariqa, tashabbus nafaqat ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi, balki mahalliy iqtisodiyotga ham hissa qo‘shadi.


