
Qayd etilishicha, Malayziyada vaqtincha yashayotgan yoki taʼlim olayotgan, 24-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun saylov uchastkasiga kelish imkoniyati bo‘lmagan yurtdoshlarimiz 14-20 oktabr kunlari muddatidan oldin ovoz bermoqda.
"Kuala-Lumpur shahrida joylashgan saylov uchastkasida vatandoshlarimizga muddatidan oldin ovoz berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, saylov Malayziyada pandemiya bilan bog‘liq qabul qilingan cheklovlarga qatʼiy rioya qilgan holda bo‘lib o‘tmoqda", — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, muddatdan oldin ovoz berishga kelgan vatandoshlarimiz davlatimiz rahbarligi uchun kurashayotgan nomzodlarning dasturlari bilan tanishib, o‘zlari munosib bilgan daʼvogarga ovoz berishmoqda. Saylov jarayoni milliy saylov qonunchiligi, xususan, yangi qabul qilingan Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasi yo‘riqnomasi asosida tashkil etilmoqda.
Avvalroq Pokistonda va Niderlandiyada muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani, O‘zbekistondagi eng baland nuqtada joylashgan saylov uchastkasi hamda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun saylov uchastkasi tashkil etilgani xabar qilingandi.


