Ustyurt mintaqasidagi “Mo‘ynoq” koni atrofida joylashgan Shagirlik–quyi yura hududida burg‘ilangan 2-sonli izlov qudug‘ida yuqori bosim ostida tabiiy gaz oqimi qayd etildi. Mutaxassislar aniqlangan gaz uyumlari sanoat miqyosida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Uzbekneftgaz xabar bermoqda.
Mazkur quduq Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” tomonidan olib borilgan 3D seysmik tadqiqotlar natijalariga tayangan holda chuqur izlov burg‘ilash uchun tayyorlangan. Ishlar zamonaviy geologik ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan.
Quduqni burg‘ilash jarayoni Jamiyat hamda uning tarkibidagi Loyiha boshqaruv ofisi mutaxassislari tomonidan olib borildi. Ushbu jamoa xorijda neft-gaz sohasida tajriba orttirgan, davlat rahbari topshirig‘iga binoan mamlakatga jalb etilgan yuqori malakali muhandis va geologlardan iborat.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 10-yanvar holatiga ko‘ra, quduq 5265 metr chuqurlikkacha yetkazilgan va 5061–5265 metr oralig‘ida quyi yura qatlamlaridan gaz uyumlari aniqlangan. Endilikda ushbu qatlamlarning geologik tuzilishini chuqurroq o‘rganish hamda gaz zaxiralari chegarasini belgilash maqsadida maydonda 3 va 4-sonli yangi izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda.


