2025 yil 26 sentyabrda fuqaro “Centrum-Air” saytida Istanbul–Namangan yo‘nalishi uchun 2 ta chipta xarid qilgan. Biroq, aviakompaniya tomonidan ortiqcha chiptalar sotilgani sababli u va turmush o‘rtog‘i samolyotga sig‘may, Istanbul aeroportida qolib ketgan. Keyinchalik ularga Istanbul–Toshkent reysida joy ajratilib, qaytishlari ta’minlangan.
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan tekshiruvdan so‘ng “Centrum-Air” aviakompaniyasi fuqaro bilan kelishuvga erishdi. Kompensatsiya quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 500 yevro pul to‘lovi, qo‘shimcha 865 200 so‘m tovon, aviakompaniyaning istalgan yo‘nalishlariga keyingi safar uchun 20% chegirma beruvchi promokod, 23 kg qo‘shimcha bepul bagaj va samolyotning birinchi qatoridagi joylardan bepul foydalanish imkoniyati.


