Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor A.B. o‘zining sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun, u voyaga yetguniga qadar aliment to‘lashi belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va davlat ijrochilari tomonidan tegishli ijro harakatlari amalga oshirilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor A.B. byuroga kelib, farzandi 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment mablag‘ini oldindan to‘lash istagini bildirgan.
Davlat ijrochilari unga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 808-son qaroriga muvofiq alimentni oldindan to‘lash tartibi tushuntirilgan. Shundan so‘ng kelgusi 13 yil davomida to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori hisoblab chiqilib, umumiy summa 2 milliard 270 million 812 ming so‘mni tashkil etgan.
Qarzdor mazkur summani to‘liq to‘lab berganini undiriluvchi ham tasdiqlagan va bu haqda tegishli tilxat taqdim etgan.
Ushbu to‘lov hozirga qadar Majburiy ijro byurosi amaliyotida qayd etilgan eng yirik aliment summasi hisoblanadi.


