Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar hokimiyatidagi homiylik masalasida bayonot berdi. U so‘zi avvalida siyosat bilan umuman shug‘ullanmaganini eslatib o‘tdi.
Shu bilan birga, hokim O‘zbekiston fuqarosi va “bozori ham, mozori” shu yer ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 3,5 yil davomida u o‘tmishda boshqargan kompaniyalar ko‘p sohalarda homiylik qilib kelmoqda.
“Riyo va savob degan tushunchalar bor... bu dunyoda qilayotgan ishlarimizni aytsak, savob emas, riyo bo‘ladi. Shu sababli, ko‘p narsani shu kungacha aytmadim. Ammo bu masalani ko‘pchilik surishtirdi. Akfa, Artel ko‘p narsalardan voz kechdi. Masalan, bu yil Ecobozor sotildi. Uning yarmi qarzlarni yopishga sarflangan bo‘lsa, qolgani homiylikka beriladi”.
Ortiqxo‘jayev Akfa Medline kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan xayriya ishlariga ham to‘xtaldi. Xususan, ushbu klinika 2021 yilda 75 nafar yurak xastaligi bor bolalarni bepul operatsiya qilgan.
Hokim bu yil ham Akfa va Artel tomonidan homiylik masalasida takliflar berilgani, ularning sotilgan aktivlaridan yarmi shaharni obodonlashtirishga yo‘naltirilayotgani maʼlum qildi.
“Olti oyda 80 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatiladi”,– dedi u.
Ortiqxo‘jayev bu kabi masalalardan charchaganini aytdi.
“3,5 yil ishlagan bo‘lsam, bir so‘m pulga xiyonat qilmadim. Oldimdan qo‘shdim, topganimni berdim. Bir so‘m pul olmadim.
Hokim bo‘lishimdan oldin 35 ta mashinam bor edi. Hozir 6 ta qoldi. Yaqinda yana bir avtomobilimni auksionga qo‘yaman. Undan tushgan pulni yuragi xasta bolalar operatsiyasiga ishlatamiz. Agar bular gunoh bo‘lsa – men roziman” , – degan Ortiqxo‘jayev.