Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bir guruh Markaziy Osiyo davlati fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar Rossiya tomonidan urushda yollanma askar sifatida ishtirok etayotganini aytdi. Bu haqida u o‘zining Telegramdagi rasmiy kanalida maʼlum qildi.
Kuni kecha Vladimir Zelenskiy Xarkov viloyatiga — ayni paytda Ukraina va Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari o‘rtasidagi front chizig‘i joylashgan Vovchansk hududiga tashrif buyurdi. Harbiylar bilan suhbatda Vladimir Zelenskiy yollanma askarlari Rossiya tomonida jang qilayotgan davlatlarni sanab o‘tgan. Xususan, Ukraina prezidenti o‘zbeklar, tojiklar, xitoyliklar, pokistonliklar hamda Afrika davlatlaridan kelgan yollanma askarlarni nomini tilga olgan.
“Dronlar bilan taʼminlash va ularni qo‘llash, rekruting va brigadalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirish masalalarini alohida ko‘tardik. Bu yo‘nalishdagi jangchilar Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika mamlakatlaridan kelgan yollanma askarlarning urushdagi ishtirokini qayd etmoqda. Munosabat bildiramiz”, degan Zelenskiy.
Harbiylar oldidagi nutqi yakunida Zelenskiy yuzaga kelgan holatlar tufayli tegishli munosabat bildirilishini aytgan. Ukraina rahbari qanday munosabat bildirganiga hozircha aniqlik kiritmadi.
Maʼlumot uchun, Rossiya 2025 yilda armiya bilan shartnoma tuzgan kamida 902 nafar O‘zbekiston fuqarosini urushga yollagan.


