Samarqand va Andijon viloyatlarida maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zamonaviy zavodlar qurilishi boshlab yuborildi.
Xususan, Samarqand shahrining “Xushrav” qo‘rg‘onidagi 15 gektarlik maydon va Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanining “Xidirsha” MFY hududida joylashgan 17 gektar yerda mazkur loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martda imzolangan 116- va 118-sonli qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Qarorlarda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini joriy etish, ekologik holatni yaxshilash va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Loyihalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimlari asosida amalga oshirilmoqda.
Samarqanddagi loyiha bo‘yicha “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi 150 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan. Zavodda har kuni 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyihani ishga tushirish natijasida 150–200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Andijon viloyatidagi korxona esa “China International Camce” kompaniyasi tomonidan 140 million AQSh dollari investitsiyasi asosida barpo etilmoqda. Bu yerda ham har kuni 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanishi, yiliga esa 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Zavodda 150 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi.
Har ikki loyiha 2025–2027-yillar oralig‘ida ishga tushirilishi belgilangan. Ular doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJ tomonidan kafolatli xarid qilinadi.


