Xabaringiz bor, joriy yilning 7-8-9 iyul kunlari Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari 3 smenada, 10–12-iyul kunlari esa Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablari uchun kirish imtihonlari o‘tkazildi. Ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi 20-iyun kuni yakunlangan qabul bo‘yicha ariza topshirganlar ro‘yxatini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar uchun eng ko‘p talabgor Toshkent shahrida qayd etilgan — 21390 ta. Buni poytaxtda tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarning soni ko‘proqligi bilan ham izohlash mumkin. Shuningdek, Toshkent shahrida 3067 nafar bola hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, imtihon natijalari 20 kun ichida chiqishi kerak edi, bu yil aynan 20-kuni chiqdi. Biroq...
7-8-9 iyul kunlari kunlari va, 10–12-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari va ularning natijalari keskin noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Bu noroziliklarga bir qancha sabablar bor.
1- MASALA. UZOQ KUTILGAN VA O'CHIRIB TASHLANGAN NATIJALAR MOJAROSI
29 iyul kuni Telegramdagi botlar orqali Ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirgan o‘quvchilarning natijalari eʼlon qilingandi. Unda ayrim yuqori ball to‘plagan talabgorlar qabul qilinmagan, aksincha kamroq ball olganlar tavsiya etilgan holatlar sodir bo‘lgan.
Holatga Ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi sobiq matbuot kotibi Jo‘rabek Jangirov o‘sha zahotiyoq munosabat bildirib, imtihon natijalarini bilish uchun tashlangan bot agentlik tomonidan o‘chirilganini va mavjudlari esa ishlamayotganini maʼlum qildi.
“Hozircha botlardagi natijalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Hozirgi natijalarga ishonib xursand yoki xafa bo‘lib yurmang”, deb yozgan edi Jangirov.

Bir muddat o‘tib esa Jangirovning posti ham uning sahifasidan o‘chirilgan.
Shundan so‘ng, Ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda Tayanch va hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul imtihonlari bo‘yicha rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqalganini aytdi.
O‘sha kunning ikkinchi yarmida natijalar eʼlon qilindi. Biroq, bir kun avval qabul qilingani haqida xabar olganlarga, bu gal “tavsiya etilmadi” javobi berilgan. Ota-onalar va o‘qituvchilarning fikricha, test natijalarining oldin eʼlon qilinib, keyin o‘chirilishi va qaytadan yuklanishi shubhalanish uchun asos bo‘ladi. Sababi o‘quvchilarning olgan ballari har ikki botda ham bir xil bo‘lgan faqat avval tavsiya qilinganlar, keyingisida tavsiya etilmay qolgan.
2-MASALA. IKKI DONA XATO QILGANI HAM O‘QISHGA KIRA OLMAGANI SHUBHALI
Toshkentda yashovchi onalardan birining Gazeta nashriga aytishicha, uning o‘g‘li Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga imtihon topshirgan. U joriy yilgi imtihon va baholash tizimi bilan bog‘liq ko‘plab chalkashlik va adolatsizliklar kuzatilganini qayd etdi.
“Bu yilgi imtihonlarda maksimal ball 76 etib belgilandi. Faqat to‘liq 76 ball olgan yoki birgina xato qilib 75 ball to‘plagan o‘quvchilargina o‘qishga qabul qilindi. Natijada 74 ball olgan, yaʼni faqat ikki xato qilgan o‘quvchilar ham o‘ta olmadi. Bu esa nafaqat bolalar, balki ota-onalarda ham chuqur norozilik uyg‘otdi. Mazkur tizim ko‘pchilik tomonidan noreal, haddan tashqari qatʼiy va adolatsiz mezon sifatida qabul qilinmoqda», — degan u.
Вallar Toshkentda juda yuqori, 45 tadan — 30 ta matematika, 15 ta ingliz tili, yaʼni 43 ta ishlagan, yaʼni har bir fandan bittadan xato qilgan bola ham o‘tolmagan, faqat 100 foiz olgan bola o‘tgan. 60 ta bola shunday ball olishi mumkinmi? Maksimal ball 76,5 bo‘lsa-da, 74,4 ball olgan bola ham o‘tmasa? Ushbu holat ham ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
3-MASALA. IMTIHON ZALI KARVONSAROYMI?
Imtihonlar o‘tkazilgan katta binolarda faqat old tomonga kamera o‘rnatilgani, orqa va yon taraflar esa nazoratsiz qolgani ham ota-onalarning noroziligini keltirib chiqargan.
Baʼzi o‘quvchilar boshqa abituriyentlarning qo‘lida telefon ko‘rganini, imtihon paytida suratga olingan test topshiriqlari tarqalib ketgani va keyingi smenada imtihonga kirgan o‘quvchilar ularga aynan shu test topshiriqlari tushganini tasdiqlagan.
Repetitorlik bilan shug‘ullanadigan o‘qituvchilardan birining qayd etishicha, imtihon o‘tkazilgan bino tashqarisida o‘quv markazlari ustozlari 1-smenadan chiqqan o‘quvchilardan test topshiriqlari haqida so‘rab olgan va keyingi smenada kiradigan o‘quvchilarini tayyorlab olishga ularda yetarlicha vaqt bo‘lgan. Natijada birinchi smenada imtihon topshirgan o‘quvchilarning kirish ehtimoli juda pasayib ketgan. Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonidagi savollar 1 ga 1, 100 foiz o‘xshash tushgan, variant ham, son ham, savol ham o‘zgarmagan. Al-Xorazmiy maktabida esa xuddi o‘sha variant tushgan, faqat sonlari o‘zgargan. Ushbu holat Toshkent shahrida kirish ballarining sunʼiy oshib ketishiga va maksimal ball to‘plab ham imtihondan o‘ta olmaslikka sabab bo‘lgan, deya yozdi Taʼlim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov.
“O‘g‘lim ayrim bolalar imtihondan chiqiboq kimlargadir telefon qilganini aytgandi. Ularda qanday qilib telefon paydo bo‘ldi deb so‘raganda eʼtibor qilmagandim. Bola imtihonda ishlatmagan, shunga qo‘lga tushmagan, lekin savollarni rasmga olgan bo‘lishi mumkin. Turib-turib, oxirida kirganlar bo‘ldi erta kelsayam. Chunki kech qolgan bolalar yaxshi tekshirilmadi. Bekorga emasdir turgani deb o‘ylayapman hozir”, — farzandi imtihondan chiqqan ota-onalardan birining so‘zlarini keltirgan Gazeta nashri.
4-MASALA. PINHON TUTILGAN BALLAR!
Joriy yilda ixtisoslashgan maktablar imtihonlari savollariga berilgan ballar ham o‘zgardi, to‘g‘rirog‘i natijalar eʼlon qilinayotganda, bu yil o‘zgacha ball sistemada baholangani aytildi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi Telegram kanalida 30 iyul kuni tayanch va hududiy ixtisoslashtirilgan maktablar kirish natijalarini hisoblashda savollarning murakkabligi va yechish bosqichlari hisobga olinib, 2,1 yoki 1,1 ball berilishi eʼlon qilingan. Bu xabardan bir soatcha o‘tib, shu kanalda imtihon natijalari eʼlon qilingani haqidagi xabar joylangan. Shu paytgacha kirish imtihonlarida matematika fanidan har bir to‘g‘ri javob uchun 2,6 ball, ingliz tilidan har bir to‘g‘ri javob uchun 2,2 ball berib kelingan.
“Biz ustoz sifatida o‘quvchilarga tushuntirganmizki, har bir savol 2,6 balldan. Osonmi, qiyinmi — farqi yo‘q, shuning uchun imkon qadar murakkabroq savollarni oxiriga qoldirgin, osonidan ko‘proq yechishga harakat qilgin, deb o‘rgatamiz. Agar baholash tizimi o‘zgarishini bilganimizda, bolalarga boshqacha tushuntirgan bo‘lardik — qiyinidan ko‘proq yechgin, bunga ko‘proq ball beradi, degan bo‘lardik”, —pedagogning so‘zlarini keltirgan Gazeta.
Komil Jalilovning qayd etishicha, haqiqatan ham, testologiya standartlariga ko‘ra, test topshiruvchilarga baholash mezonlari haqida oldindan xabar berilishi lozim.
“Baholash mezonlarining qanday qo‘yilishi (masalan, barcha test topshiriqlariga bir xil ball berilishi yoki test topshiriqlarining murakkablik darajasiga qarab har xil ball berilishi) test topshiruvchining testda qo‘llaydigan strategiyalariga taʼsir qiladi va bu — normal holat. Qolaversa, agar baholash mezonlari o‘zgargani haqida qaysidir test topshiruvchilarga oldindan maʼlum bo‘lgan bo‘lsa — bu aynan shu test topshiruvchilarga boshqalarga nisbatan ustunlik beradi. Demak, mazkur holatda testologiya talablari qo‘pol ravishda buzilgan”, — deya yozdi ekspert.
“Testologiya standartlaridan tashqari, bu holatda qonunchilik talablari ham buzilgan bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda fanlar ichida test topshiriqlari murakkablik darajasiga ko‘ra ajratilishi va har xil ball berilishi ko‘zda tutilmagan”, — deydi Jalilov.
Ota-onalardan biri ham o‘quvchilarga baholash mezonlaridagi o‘zgarishlar haqida oldindan xabar berilmaganini adolatsizlik deb baholadi. Shuningdek, u qaysi test topshiriqlariga necha balldan berilganini bilish imkoni yo‘qligini shubhali deb atadi.
“Al-Xorazmiyda 30 savoldan aynan qaysi biri 2,1 balli savol, aynan 1,1 balli savol qaysi — bu ham shubhali, aslida bolaga A daraja 1,1 yoki B daraja 2,2 deyilganda vaqtni taqsimlay olar edi bola. 2,2 balli savolni ishlashga harakat qilar edi”, — deydi ota-onalardan biri.
“Bu yilgi ixtisoslashgan imtihonlar bilan bog‘liq qiziq holatlar ko‘p. Masalan, imtihon o‘tib, natija chiqishidan 1 soat avval savollar turli darajada ekani maʼlum bo‘ldi. Har xil ball berilishi aytildi, vaholanki, unaqa bo‘lganda imtihon savollar darajasi savol ustiga yozilishi yoki nechanchi savolgacha 1,1, nechanchigacha 2,1 berilishi imtihondan avval aytilishi kerak edi. Keyingisi — natijalar ochiqlanmayotgani: natija ballar faqat umumiy ball ko‘rinishida berildi, kim qaysi blokdan nechta topdi, yuqoridagi savollar darajasi qiyinini topdimi, osoninimi — bilishning iloji yo‘q”, — degan yana bir ota-ona.
RASMIY MUNOSABAT ANIQ JAVOB EMAS!
1 avgust kuni Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi rahbari Sevara Shakirova tarmoqlarda bildirilayotgan eʼtirozlarga munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, imtihonlarda Buxoro, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida talabgorlarda telefon borligi aniqlangan hamda ular belgilangan tartibda imtihondan chetlashtirilgan. Taʼkidlanishicha, imtihon jarayonida ayrim talabgorlar savollar kitobini yirtib olib chiqishga urinishgan holatlar guruh rahbarlari tomonidan aniqlandi. Bunday paytlarda kitob varaqalari olib qolingan. Biroq ayrim hollarda talabgor guruh rahbarini chalg‘itib, ayrim varaqalarni olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.
Shuningdek, Shakirova natijalar eʼlon qilinib, o‘chirilganiga ham izoh bergan. Unga ko‘ra, 30 iyul kuni agentlik tayanch va hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarning rasmiy imtihon natijalarini o‘zining Telegram kanallari orqali eʼlon qilgan. 29 iyul kuni turli Telegram kanallarda tasdiqlanmagan va yolg‘on maʼlumotlar, shu jumladan, imtihon natijalari haqidagi feyk botlar tarqatildi. (P/S: Ushbu feyk deyilgan ballar, rasmiy eʼlon qilingan ballar bilan bir xil). Agentlik rahbari joriy yilda o‘zgartirilgan ballash sistemasiga ham to‘xtalgan, osonroq savollar 1,1, qiyinroqlari 2,1 ball bilan baholanganini aytgan. Masalan, matematikadagi 30 ta savoldan 12 tasiga 1,1 balldan, 18 tasiga 2,1 balldan berilgan. Matematikadan maksimal ball 51 ga teng. Ingliz tilidagi 15 ta savoldan 6 tasiga 1,1 ball va 9 tasiga 2,1 balldan berilgan. Ingliz tilidan maksimal ball 25,5 ni tashkil etadi. Jami ikkita fan bo‘yicha maksimal ball 76,5 ga teng. Biroq, aynan qaysi savollar 2,1 lik, qaysi savollar 1,1 lik ekani hamon ochiq qolmoqda.
Agentlik rahbarining bayonoti muhokama va savollarga barham bermadi. Taʼlim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov mazkur munosabatni “odatdagidek quruq, hech bir muammoni real hal qilmaydigan bayonot”, deb atadi. Jalilovning taʼkidlashicha, Shakirova bir kun oldin “tavsiya etilgan” o‘quvchilar ertasi kuni xuddi shu ballari bilan “tavsiya etilmay” qolganiga aniq bir izoh bermagan.
“Faqat bir kun oldin natijani eʼlon qilgan Telegram botlar “norasmiy” ekanini, ularga ishonmaslik kerakligini aytdi. Xo‘p, bu botlarga ishonmaslik kerak ekan, lekin bu “norasmiy” botlar test topshirgan o‘quvchilarning ID raqamlari, natijalari, qaysi ixtisoslashtirilgan maktablarni tanlagani haqidagi aniq maʼlumotlarni qayerdan olgan? Axir ertasi kuni ishga tushirilgan “rasmiy” botlardagi natijalar bilan bu “norasmiy” botlardagi maʼlumotlar faqat “tavsiya etildi”ning “tavsiya etilmadi”ga o‘zgargani bilan farq qilmadimi?” — deydi Jalilov.
APPELYATSIYA CHORA EMAS, HAMMASI QAYTA TEKSHIRILSIN!
Zamon.uz farzandi imtihondan ikkita xato bilan o‘ta olmagan ona bilan suhbatlashdi.
“73,3 bilan yiqildi mening o‘g‘lim, ikkala maktabdan ham. Aslida, u zo‘r ball to‘plagan. Birinchi chiqqan botda kirdi deb ham kelgandi. Keyingi kungida esa tavsiya etilmadi deb keldi. Biz appelyatsiya berdik, ammo hech narsa o‘zgarmasligini bilaman. Zo‘r natija dedim o‘g‘limga. 1 ta matematika 1 ta ingliz tilidan xato qilgan. Men ham imtihon topshirsam bundan ko‘proq xato qilishim mumkin deb ovutyapman. Umidlarni so‘ndirishdi. Bolamga yiqilish alamni erta his qildirganimdan afsusdaman”, - deydi o‘zi ham o‘qituvchi bo‘lgan ona.
“Men avvalgi yillarda Samarqanddagi holatga guvoh bo‘lganman. Shu maktablarga qabul qilinganlar “kazo-kazolar”ning bolalari edi. Ammo ularning qanday qilib kirgani menga maʼlum emas”, - deydi Zamon.uz bilan suhbatda hududiy telejurnalistlardan biri.
“Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari atrofidagi mojarolar jiddiy tekshirilishi kerak. Hozirda esa natijalardan va jarayondan norozi ota-onalar alohida Telegram kanalga birlashib, keyingi qadamlarini maslahatlashmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yana bir marta o‘ziga qarshi norozilarni birlashtirishning uddasidan chiqa oldi. Kuni kecha tasdiqlangan yangi vazir uchun jiddiy sinov — bu mojaroni u qanday hal qilar ekan?” — deb savol qoldirdi Komil Jalilov.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov muhokamalar markazida qolayotgan mazkur masalaga e’tibor qaratishini so‘rab qolamiz.


