O‘zbekiston hukumati vaqtincha savdo inshootlarini yagona me’yoriy va dizayn talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tartibni joriy etmoqda. Bu haqda 2025-yil 31-iyulda qabul qilingan 478-sonli Hukumat qarorida belgilab o‘tilgan.
Qarorga muvofiq, mavjud kichik arxitektura shakllari, pavilyonlar va ko‘cha savdosi obyektlarining holati to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Ruxsatsiz qurilgan, qonuniy asosga ega bo‘lmagan inshootlar aniqlanib, belgilangan tartibda olib tashlanadi.
Tegishli tekshiruvlar ikki bosqichda amalga oshiriladi:
2025-yil 1-sentabrga qadar – shaharlardagi markaziy ko‘chalarda,
2025-yil 1-oktabrga qadar – qolgan hududlarda joylashgan obyektlar bo‘yicha.
Shu sanadan boshlab, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanayotgan tadbirkorlarning faoliyati to‘xtatiladi yoki inshootlar buziladi. Bunday holatlarda faoliyatni davom ettirish uchun tegishli rasmiylashtirish talab etiladi.
Yana bir muhim yangilik – 2026-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan “dizayn-kod”dir. Unda vaqtincha savdo inshootlarining tashqi ko‘rinishi, shaharlik arxitekturasiga uyg‘unligi, piyodalar harakati uchun qulaylik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablari belgilab beriladi.
Mazkur dizayn me’yorlari tasdiqlanguniga qadar ruxsatnomaga ega bo‘lgan, ijara asosida ishlayotgan obyektlarda hech qanday rekonstruksiya yoki yangilash ishlari amalga oshirilmaydi. Aks holda, obyektlar bekor qilinadi va yangi shartnomalar tuzilmaydi.
Shuningdek, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab, tadbirkorlar o‘z binolariga tutash hududlarda mavsumiy savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat turlarini pullik asosda amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladilar. Biroq bu holat sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalariga tegishli hududlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu chora-tadbirlar shaharlar arxitekturasini yaxshilash, xavfsizlikni oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish maqsadida amalga oshirilmoqda.


