"O'zgidromet" ma'lumotlariga ko'ra, ertaga 26-avgust kuni respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga Rossiyaning janubiy hududlaridan nam va salqin havo massalarining kirib kelishi boshlanadi. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Respublikaning qolgan hududlarida esa 26-avgustda quruq ob-havo saqlanib turadi, harorat 33-36 daraja atrofida boʻladi.
Rossiyadan kirib kelgan nam va salqin havo massalari Oʻzbekistonning barcha hududlarini 27-28-avgust kunlari to'liq qamrab oladi. Natijada barcha joylarda bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning koʻpchilik viloyatlarida baʼzi joylarda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan yomgʻir yogʻadi. Kunduzgi havo harorati 23-28 darajagacha pasayadi. Kechasi va ertalab havo biroz salqinlashadi. Harorat 28-avgustga kelib, kechasi 13-16 darajagacha pasayadi.
Ushbu kunlarda shamol tezligi 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzi joylarda 23-25 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.
Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida ob-havoni oʻzgarishi sezilarli boʻladi, bu hududlarda 27-28-avgust kunlari baʼzi joylarda kuchli yomgʻir yogʻib oʻtadi.
Kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi hisobiga respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 27-29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.


