Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Raqobat qo‘mitasining yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish uchun javobgarlikni kuchaytirish haqidagi taklifi ma’qullandi. Mazkur tashabbus iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash va sifatsiz mahsulotlar savdosiga chek qo‘yishga qaratilgan.
Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga ko‘ra, hozirda jismoniy shaxslar uchun jarima miqdori 3–10 baravar (1,23–4,2 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa 7–10 baravar (2,88–4,2 mln so‘m) miqdorda belgilanib kelinmoqda. Yangi o‘zgartirishlarga muvofiq, eng yuqori jarima 30 baravar — ya’ni 12,36 million so‘mgacha oshiriladi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida “Iste’molchi shikoyati” nomli onlayn tizim joriy etiladi. Ushbu tizim orqali xaridorlar yaroqsiz yoki sifatsiz mahsulotlar bo‘yicha murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi. Shikoyatlar barcha bosqichlarda kuzatilib, Soliq qo‘mitasining shaxsiy kabinet tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Murojaat dastlab tadbirkorning o‘zi tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Agar muammo hal etilmasa, ish Raqobat qo‘mitasi yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga yuboriladi. 10 kun ichida chora ko‘rilmagan taqdirda, masala sud yoki tegishli davlat organi ko‘rib chiqishiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, oziq-ovqat va sanoat etil spirtini ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish vakolatlari Raqobat qo‘mitasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish inspeksiyasiga o‘tkaziladi.


