«Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram‘dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, Prezidentning 2022 yil may oxiridagi farmonida keltirilgan tovarlarga, jumladan, baliq, yangi yoki quritilgan sitrus mevalari (limondan tashqari), margarin va boshqaga import bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanish muddati 2023 yil 1 iyulgacha uzaytirilib, mazkur ro‘yxatga bug‘doy uni yoki bug‘doy-javdar uni ham kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 maydan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar bir qator tovarlarni (ilova) olib kirishda bojxona bojlarining nol stavkalari belgilangandi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojining ikki baravar stavkasi qo‘llanilmaydi.


