O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki e’lon qilgan to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiya va tashqi qarz bo‘yicha sharhda mamlakatning tashqi qarzi joriy yilning birinchi yarmida sezilarli darajada ortgani qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 8,1 milliard dollarga ko‘payib, 72 milliard dollardan oshdi. Shundan davlat tashqi qarzi 36,8 milliard dollarni, korporativ tashqi qarz esa 35,4 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Shu davrda eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, import hajmi 10 foizga ko‘tarilib, 23 milliard dollarga yaqinlashdi.
Bundan tashqari, 2025-yilning birinchi yarmida xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi ortib, birlamchi va ikkilamchi daromadlar bo‘yicha ijobiy saldo shakllanishiga xizmat qildi. Xususan, birlamchi daromadlar bo‘yicha 850,9 million dollar, ikkilamchi daromadlar bo‘yicha esa 5,4 milliard dollarlik ortiqcha qayd etildi.
Davr mobaynida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sof oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga ko‘payib, 1,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shuningdek, rezidentlarning xorijiy valyutadagi aktivlari 12,1 milliard dollarga (13 foiz) oshgan, tashqi majburiyatlari esa 8,9 milliard dollarga (11 foiz) ko‘tarilgan.


