Turkiya OAV xabarlariga ko‘ra, Istanbul shahrida sodir etilgan qotillik jinoyati bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs Navoiy viloyatida qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 20-sentyabr kuni soat 21:30 da Istanbulning Fatih tumanidagi Oqsaroy mahallasida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi o‘z uyida bo‘ynidan pichoq jarohati bilan o‘lik holda topilgan.
Voqea joyida politsiya, tergovchilar va tibbiy xizmat vakillari ishlagan, shuningdek, kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘rganilgan.
Jinoyatda gumonlanuvchi 46 yoshli A.R qilmishidan keyin Turkiyadan qochib, Navoiy viloyatidagi uyida yashirinishga uringan. 2025-yil 27-sentyabr kuni u O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Dastlabki so‘rovlarda gumonlanuvchi jinoyat oldidan spirtli ichimlik iste’mol qilganini, ayol bilan kelishmovchilik yuzasidan pul talab qilganini va oqibatda jinoyat sodir etganini tan olgan. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, sud jarayoni O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur jinoyat Istanbuldagi o‘zbek diasporasi orasida katta tashvish uyg‘otdi. Jinoyatchining qisqa muddatda qo‘lga olinishi esa O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda Turkiya rasmiylari o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasi sifatida qayd etildi.


