“O‘zmetkombinat” AJ hududi 330 gektardan ortiq maydonni egallaydi va ichki avtomobil yo‘llari uzunligi 12 kilometrni tashkil etadi. Shu bois ishchilar bir tsexdan boshqasiga yoki ishga o‘z vaqtida yetib kelishda qiyinchiliklarga duch kelar edi. Endilikda bu muammo hal etildi — korxona rahbariyati ishchi-xodimlar uchun bepul avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ydi.
Kun davomida avtobuslar 14 ta qatnovni amalga oshiradi, har 15 daqiqada harakatlanadi. Ishchi oqimi ko‘paygan paytlarda qo‘shimcha reyslar chiqariladi, smena almashinuvida esa qatnovlar yanada tez-tez amalga oshiriladi. Avtobus yo‘nalishlari kirish-chiqish darvozalari, tsexlar, ma’muriy binolar, oshxonalar va tibbiyot punktlarini o‘zaro bog‘laydi.

Yangi tizim tufayli 9 mingga yaqin metallurg endi ish joyiga o‘z vaqtida, xavfsiz va qulay yetib kelmoqda. Harakat jarayoni dispetcher markazi orqali nazorat qilinadi, jadvaldagi barcha o‘zgarishlar xodimlarga korporativ kanallar va ijtimoiy tarmoqlar orqali tezkor yetkaziladi.
Korxonada xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Avtobuslar muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi, haydovchilar yo‘l harakati qoidalari hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashadi. “Transport yo‘qligi sabab tsexdan tsexga piyoda borishga ko‘p vaqt ketar edi. Endi esa ishchilar tez va qulay yetib keladi, bu esa samaradorlik va kayfiyatga ijobiy ta’sir qiladi”, — deydi “O‘zmetkombinat” boshqaruvi raisi Bahodir Abdullaev.


