Shavkat Mirziyoyev bugun, 7-sentyabr kuni Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi.
Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro savdo va investisiya ko‘rsatkichlari barqaror oshib borayotgani, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 24 foizga ko‘paygani, ayni paytda O‘zbekistonda qariyb 1 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani hamda Koreyadan investisiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etgani yuqori baholandi.
Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar qatorida ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi, to‘qimachilik texnoparki, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va nodir metallar bo‘yicha markazlar qayd etildi.
Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investisiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, «yashil» energetika, davlat boshqaruvi, moliya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi ta'kidlandi.


