1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga tabrik yo‘lladi

Davlat rahbari tabrigida O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija ilgari qayd etilmagani, yosh sportchilar Eron, Yaponiya, Tailand va Indoneziya kabi kuchli jamoalarni ortda qoldirgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga tabrik yo‘lladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasida V Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.

 

Davlat rahbari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Osiyoning 35 ta davlatidan 1500 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada yosh para sportchilarning jasorat va matonat namoyon etib, tarixiy natijaga erishganini alohida ta’kidladi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Osiyo qit’asida 1-o‘rinni egallagan. Turnir davomida O‘zbekiston madhiyasi qariyb 100 marotaba yangragani sportchilarning yurt sha’nini xalqaro maydonda munosib himoya qilganidan dalolat beradi.

 

Prezident tabrigida O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija ilgari qayd etilmagani, yosh sportchilar Eron, Yaponiya, Tailand va Indoneziya kabi kuchli jamoalarni ortda qoldirgani qayd etildi.

 

Shuningdek, para pauerlifting sportchilari Bahriddin Xolbo‘tayev, Elbek Farhodov, Oyshajon Rajabboyeva va Ruxshona O‘ktamovaning jahon rekordlarini, Nurillo Inobiddinov, Ezoza Abdujabborova, Azizbek Perdebayev, Ziyodaxon Boqijonova, Zuhra Yuldasheva va Gulyuz Nematullayevaning Osiyo rekordlarini o‘rnatgani e’tirof etildi.

 

Para yengil atletika bahslarida Madina Muxtorova, Farog‘at Muxammadqulova va Mohichexra Ibragimova yadro va nayza uloqtirish yo‘nalishlarida barcha medallarni qo‘lga kiritgani alohida ta’kidlandi.

 

Davlat rahbari ushbu yutuqlar sportchilarning mehnati, bukilmas irodasi hamda mamlakatda inson qadrini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar samarasini ifodalashini bildirdi.

 

Shuningdek, Paralimpiya harakatini rivojlantirish, adaptiv sport turlarini kengaytirish, Matonat maktabi, Adaptiv sport assotsiatsiyasi va mutaxassislar tayyorlash instituti faoliyati natijasida adaptiv sport yo‘nalishlari 89 taga yetkazilgani, ushbu sport turlari bilan shug‘ullanuvchilar soni 45 mingdan oshgani qayd etildi.

 

Prezident sportchilarga, murabbiylarga va ota-onalarga minnatdorlik bildirib, yosh para sportchilarga kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика