2023 yil 20–21 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misrga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tadi.
Tashrifning birinchi kunida qator madaniy tadbirlardan so‘ng O‘zbekiston rahbarining Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari va biznes doira vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.
Ikkinchi kunda rasmiy kutib olish marosimi, rasmiy suratga tushish, shuningdek, ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Misr munosabatlarini yana-da mustahkamlashga oid keng doiradagi masalalar o‘rin olgan. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi va Davlat rahbarlarining OAVga qisqacha bayonoti ko‘zda tutilgan.


