Shahrisabz tuman hokimi va Qashqadaryo viloyat FVB boshlig‘i videomurojaat bilan chiqib, jiddiy hodisa yuz bermaganligini maʼlum qildi va aholidan uy-joylarini tashlab ketmaslik so‘raldi.
10 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori to‘g‘onining chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.
Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida “O‘zbekgidroyenergo” AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilib, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlari olib borilmoqda.
Holat Favqulodda vaziyatlar vazirligi nazoratida. Suv omboriga shikast yetmagan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Hurmatli fuqarolar, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov hamda Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Farxod Mirzayev “Hisorak” suv ombori oldida turib, holat bo‘yicha video murojaat yo‘lladi.
Murojaatda aytilishicha, har yili yoz fasli boshida paxta va g‘allani sug‘orish maqsadida Qamashi tumanidagi “Chimqo‘rg‘on” suv omboriga suv chiqariladi. Joriy yilda ham shu tadbir amalga oshirilgan vaqtda suv sathi ko‘tarilishi kuzatilgan.
Masʼullar aholidan vahimaga tushmaslikni, hammasi nazorat ostida ekani, hech qanday jiddiy xavf yo‘qligini, yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni taʼkidlashgan.
Shuningdek, aholidan o‘z yashash joylarini tark etmaslik, aksincha hamma o‘z yashash uyida qolib, tunni sokin o‘tkazishlari so‘ralgan.


