Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari va onlayn platformalarda LGBT targ‘iboti hamda pedofiliyani taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, noanʼanaviy jinsiy munosabatlarni targ‘ib qiluvchi noqonuniy kontentni tarqatganlik uchun taxminan 140 AQSH dollari miqdorida jarima belgilanadi. Agar qoidabuzarlik takroran sodir etilsa, jarima miqdori ikki baravar oshiriladi yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Senatning ijtimoiy-madaniy rivojlanish va fan masalalari qo‘mitasi xulosasida taʼkidlanishicha, ushbu normalar bolalarni ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish maqsadida joriy etilmoqda. Cheklovlar jamoat joylari, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va onlayn platformalarga tatbiq etiladi.
Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Kochetov targ‘ibot deganda “aynan ijobiy baho berish” tushunilishiga oydinlik kiritdi. Adliya vaziri o‘rinbosari Bo‘tago‘z Jakselekovaning taʼkidlashicha esa, mazkur taqiq xalqaro qonunchilikka zid emas bo‘lib, faqat LGBTni ommaviy targ‘ib qilishga qaratilgan.


