Qozog‘istonda uchuvchilarning ko‘ziga lazer nurlari bilan chiroq tutgan shaxslar endilikda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi Jamoat tartibini ta’minlash sohasidagi qonunchilik departamenti boshlig‘i Duman Suleymenov brifingda ma’lum qildi, deya xabar beradi Oxu.Az.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 6 yil ichida 98 ta shunday holat qayd etilgan, ularning katta qismi Olmaota xalqaro aeroporti atrofida sodir bo‘lgan.
2023-yilda esa 60 ta bunday holat ko‘rib chiqilgan. Ammo ularning yarmi jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli yopilgan, qolganlari boshqa davlat organlariga topshirilgan.
Mutasaddilar fikricha, lazer chiroqlari yordamida uchuvchilarni vaqtincha ko‘r qilib qo‘yish samolyot xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi. Shu bois, bu harakatlar uchun jinoyat kodeksiga alohida modda kiritilishi rejalashtirilmoqda.


