1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Iqtisodiyot

Reshetnikov O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish surʼatlariga yuqori baho berdi

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida nutq so‘zladi.

Reshetnikov O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish surʼatlariga yuqori baho berdi

 

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng muhim o‘sish lokomotivlaridan biri va Rossiya uchun muhim hamkordir. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi chog‘ida maʼlum qildi.

 

Reshetnikov forum doirasida “MDH mamlakatlari iqtisodiy hamkorligining chuqurlashishi istiqbollari” panel sessiyada nutq so‘zladi.

 

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Ozarbayjon iqtisod vaziri o‘rinbosari Rovnag Abdullayev, Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Investitsiyalar bo‘yicha milliy agentlik direktori Umbriel Temiraliyev va boshqa ekspertlar ishtirok etishdi.

 

“O‘zbekiston – Markaziy Osiyo o‘sishining asosiy lokomotivlaridan biri. So‘nggi yigirma yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish surʼatlari o‘sishning o‘rtacha surʼatlaridan deyarli 2,5 baravarga oshdi. Bu yerda kuchli istiqbollarimiz bor va Rossiya Federatsiyasi uchun Markaziy Osiyo — bu iqtisodiyot o‘sishi nuqtalaridan biri”, — deya taʼkidladi Reshetnikov.

 

Vazir Rossiya O‘zbekistonning asosiy investitsiya sherigi ekanini eslatdi. Respublikada hozir Rossiya kapitali ishtirokida uch mingga yaqin kompaniya faoliyat yuritmoqda.

 

“Shu 3000 ta kompaniyadan 700 tasi o‘tgan yili tashkil etildi. Yaʼni biz bunday kuchli o‘sishni sezyapmiz”, — dedi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri.

 

Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ham o‘sib bormoqda. So‘nggi bir necha yil mobaynida yiliga o‘rtacha 20 foizga oshib bormoqda.

 

Reshetnikov ikki davlat sherikchiligida mehnat migrantlari katta rol o‘ynashlarini taʼkidladi. Reshetnikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada hozir kadrlar yetishmasligi kuzatilyapti.

 

“Biz bizga kelayotgan O‘zbekiston aholisi hissasini juda qadrlaymiz. So‘nggi 7 yil ichida Rossiyaga ishlashga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 4 baravarga ko‘paydi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari summasi 14,5 milliard dollarni tashkil etdi, yaʼni bu O‘zbekiston YAIM 18 foizi”, — dedi u.

 

Munozaralar davomida ishtirokchilar MDH mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik salohiyati, transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini kuchaytirish, o‘zaro savdo va investitsiya darajasini oshirish, savdo yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda tajriba va texnologiya bilan o‘zaro almashish masalalarini muhokama qilishdi.

 

27 aprel kuni O‘zbekiston poytaxtida ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi. Tadbirda 70 ta mamlakatdan kelgan 2,5 mingga yaqin ishbilarmon doiralar va bank-moliya sohasi vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev forumning yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика