Rossiyada immigratsiya tartib-qoidalarini buzgan xorijiy fuqarolarga nisbatan keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qilishicha, mamlakatda yashash asoslarini qonuniylashtirmagan 770 mingdan ortiq muhojir deportatsiya ro‘yxatida qolmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–avgust oylarida Rossiyadan 35 mingga yaqin chet ellik shaxs deportatsiya qilingan. Shu bilan birga, qonuniy bo‘lmagan muhojirlarning ro‘yxati Ichki ishlar vazirligi tomonidan shakllantirilgan va ularning harakatlari qat’iy nazorat ostiga olingan.
Yangi migratsiya tartibiga muvofiq, ro‘yxatdagi shaxslar orasida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganlar, barmoq izi topshirmaganlar, ruxsatnoma yoki yashash hujjatini yangilamaganlar ham bor. 10-sentabrda ularning qonuniy maqomini tiklash muddati yakuniga yetgan.
Volodinning so‘zlariga ko‘ra, ushbu shaxslar Rossiyani ixtiyoriy tark etishlari, jo‘nab ketish sanasi va yo‘nalishi haqida tegishli idoralarga xabar berishlari lozim. Aks holda, ular majburiy deportatsiya qilinadi, jarima belgilanadi va besh yil muddatga kirish taqiqi qo‘yiladi.


