AQSh prezidenti Donald Tramp 17-oktabr kuni Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishini tasdiqladi. Bu haqda u Sharm al-Shayxdan Vashingtonga qaytayotgan samolyot bortida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Oq uyda o‘tadi va tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyat hamda tinchlik muzokaralarini qayta boshlash masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.
“Ha, men shunday deb o‘ylayman”, — dedi AQSh rahbari jurnalistlarning 17-oktabr kuni uchrashuv rejalashtirilganmi, degan savoliga javob berar ekan.
Manbalarga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik, xavfsizlik va energetika sohalaridagi aloqalar, shuningdek, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, Tramp Kiyevga “Tomagavk” turidagi raketalarni yetkazib berish ehtimoli haqidagi savollarga izoh berishdan bosh tortdi.
Financial Times nashrining yozishicha, Zelenskiy boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi — prezident administratsiyasi rahbari Andrey Yermak va bosh vazir Yuliya Svyridenko ishtirokida — hafta oxirigacha AQShda bo‘ladi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu Zelenskiy va Trampning Oq uyda o‘tkazadigan uchinchi uchrashuvi bo‘ladi.
So‘nggi oylarda ikki prezident o‘rtasidagi munosabatlar “sezilarli darajada yaxshilangani” ta’kidlanmoqda. O‘tgan hafta oxirida ular telefon orqali muloqot qilib, Ukraina mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha masalalarni muhokama qilgan edi.


