Bugun, 15-oktyabr kuni Pokiston va Afg‘oniston chegarasida qurolli to‘qnashuvlar kuzatildi. Chegaraning Kurram va Torxam atrofidagi hududlarida har ikki tomon o‘q va artilleriya zarbalari bilan bir-birini nishonga olgan. Harbiy manbalarga ko‘ra, to‘qnashuvlar kechasi boshlangan va bir necha soat davom etgan.
Afg‘oniston tomoni Pokiston chegaradagi postlarga hujum uyushtirib, “javob operatsiyasi”ni amalga oshirganini eʼlon qildi. Ularning maʼlumotiga ko‘ra, hujum davomida 58 nafar Pokiston askari halok bo‘lgan. Pokiston armiyasi esa bu daʼvolarni rad etib, o‘z navbatida 23 nafar harbiysi halok bo‘lganini, biroq 200 ga yaqin Tolibon jangchilari yo‘q qilinganini bildirdi.
To‘qnashuvlar ortidan Pokiston hukumati xavfsizlik sababli bir nechta asosiy chegara o‘tkazish punktlarini — jumladan Torxam, Chaman va G‘ulam Xon o‘tkazmalarini vaqtincha yopdi. Natijada minglab yuk mashinalari chegarada to‘xtab qoldi, savdo aloqalari esa butunlay to‘xtadi. Chegaraga yaqin hududlarda istiqomat qiluvchi aholi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilinayotgani xabar qilinmoqda. Afg‘oniston tomoni esa Pokiston artilleriyasi amalga oshirgan zarbalar natijasida kamida 12 nafar tinch fuqaro halok bo‘lgani, yana yuzg yaqin odam yaralangani haqida maʼlum qildi.
Xalqaro hamjamiyat vaziyatdan xavotir bildirmoqda. Saudiya Arabistoni, Qatar va Xitoy tomonlarni muzokaraga chaqirdi. Qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish eʼlon qilingan bo‘lsa-da, chegara hududlarida vaziyat hanuz keskinligicha qolmoqda.


