Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan qurilish maydonida markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida yirik janjal chiqdi. Hodisa 16-sentabr kuni Ligovskiy prospektida sodir bo‘lgan.
Dastlab tom ta’miri texnologiyasi va qurilish materiallari yuzasidan kelishmovchilik bo‘lgan. Og‘zaki tortishuv qisqa fursatda mushtlashuvga aylanib, migrantlar metall va yog‘och tayoqlar bilan bir-biriga hujum qilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng 21–41 yosh oralig‘idagi 11 nafar Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari hamda bir mahalliy aholi vakili huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib kelingan. Ulardan biri mashinada qochishga urinib, patrul-post xodimini urib yuborgan. Natijada huquq-tartibot xodimi tirsak bo‘g‘imidan jarohatlangan. Qoidabuzar qisqa vaqtda qo‘lga olingan.
Tekshiruv jarayonida yana 7 nafar chet ellik ishchi janjalga aloqadorlikda gumon qilinib ushlangan. Ulardan ikkitasi migratsiya qonunlarini buzganlikda, qolganlari esa mayda bezorilikda ayblangan.
Oqibatda jami 8 kishiga nisbatan “bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda ular gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinib, hibsga olingan.


