1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Samarqandda chiqindidan elektr olinadigan zavod qurilmoqda

U yerda kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga jami 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Samarqandda chiqindidan elektr olinadigan zavod qurilmoqda

Samarqand shahridagi “Xushrav” qo‘rg‘oni “Navro‘z” MFYda joylashgan 15 gektar yer maydonida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladigan zavodning qurilish jarayonlari qizg‘in olib borilmoqda. Bu haqda Zamon.uz muxbiri xabar bermoqda.

 

Maʼlumot uchun, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya manbayi olishga asoslangan zamonaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi kompaniyalari o‘rtasida bitimlar imzolangan edi. Unda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi Samarqand va yana 5 viloyatda bosqichma-bosqich tatbiq etilishi nazarda tutilgan.

 

Taʼkidlash joizki, joriy yil 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 116 va 118-son qarorlari qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, hududda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etiladi.

 

Avvalroq davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan yaqindan tanishgani hamda yurtimizda maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqaradigan 8 ta zavod qurilishi haqida xabar qilgan edik.

 

Samarqand viloyatidagi loyihada “Shanghai SUS Environment” LLCH kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan. Kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga jami 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Unda 150-200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

 

Qolaversa, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq kompaniyalar ishlab chiqargan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi.

 

Mazkur tashabbuslar “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos kelib, O‘zbekistonning ekologik barqarorligini taʼminlashga hamda kelajak avlod uchun toza va sog‘lom muhit yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика