Bugun, 22 avgust kuni Sharof Rashidov tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi.
Kun tartibida tashkiliy masala ko‘rilgan. Unda viloyat hokimi Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga — Ashurov Asilbek Raxmonovich nomzodini deputatlarga tavsiya etgan.
Viloyat hokimining Ashurov Asilbek Raxmonovichni Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangan.
Eslatib o‘tamiz, Ashurov Asilbek Raxmonovich 2022 yildan buyon Paxtakor tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Avvalroq, joriy yilning 9 iyul kuni Sharof Rashidov tumani hokimi Maxmud Xolbutayev hokimlik bosh mutaxassisi bilan birga tadbirkordan 30 ming dollar pora olgani uchun qo‘lga olingandi. Shundan so‘ng hokim deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


