Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni poytaxtimizdagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi jam bo‘ldi.
Bu el-yurtga xizmat unutilmasligi, hamisha eʼzozlanishidan dalolat. Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasi abadiylashtirildi, u kishi tavallud topgan 30 yanvar har yili nishonlanadigan bo‘ldi. Toshkentda ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Samarqandga tashriflar chog‘ida Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilish ezgu anʼanaga aylandi.
Bu keyingi avlodlar uchun ham ibrat va namunadir. Marosimda ana shunday ehtirom va birdamlik namoyon bo‘ldi. Qurʼon oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Birinchi Prezidentimizning xalq manfaati yo‘lida qilgan ishlari, fazilatlari yodga olindi.
Shunday tadbirlar Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.


