Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
- Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida eʼtibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qilaman, - dedi davlatimiz rahbari.
Boy tarixiy tajriba, qardoshlik va o‘zaro hurmat anʼanalariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi va kooperatsiya ko‘lami keskin oshdi.
O‘zbekiston yetakchisi Arqadag‘ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni eʼtirof etayotgani taʼkidlandi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.


