Maʼlum bo‘lishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Boysun tuman bo‘limi tomonidan AT “Xalq banki” tuman filialining murojaatiga asosan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, filialning chakana xizmatlari sobiq bo‘lim boshlig‘i J.T. 9 nafar fuqaroning omonatga qo‘yish uchun topshirgan jami 566 million so‘m naqd pullarini omonat hisob raqamlariga qo‘ymasdan, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib, talon-toroj qilganligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bankni "chuv tushirmoqchi bo‘lgan" tadbirkorlarning kirdikorlari fosh etilgani, tadbirkorning 1 milliard so‘mini qo‘lga kiritgan firibgar qo'lga olingani,Toshkentda bankomatni buzib, ichidan 165 million so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlangani hamda Sergelida 32,5 ming dollarni o‘zlashtirib yuborgan bank kassiri va bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.


