25-yanvar kuni soat 15:00 larda Qo‘ng‘irot tumani Ipak yo‘li ko‘chasida ko‘rinishidan voyaga yetmagan bola yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tegishli bo‘lgan, to‘xtab turgan “Lacetti” rusumli, 95545VSF davlat raqam belgili maxsus xizmat avtomobilining ustiga chiqqan va uning mazkur xatti-harakatlari do‘sti tomonidan tasvirga olingan.
Videotasvir ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan.
Holat yuzasidan surishtiruv olib borilganda, mazkur huquqbuzarlikni voyaga yetmagan, 2005 yilda tug‘ilgan B.T. sodir qilgani maʼlum bo‘ldi. Hududiy profilaktika inspektori tomonidan to‘plangan hujjatlar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi tomonidan o‘rganildi.
Ushbu voyaga yetmagan bolaning otasi J.T.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) birinchi qismi tartibida BHMning bir baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.