Surxondaryo viloyati Termiz shaharida telefon o‘g‘risi qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 11 sentabr kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahar hududida istiqomat qiluvchi F.S “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu kuni soat 06:30 lar atrofida yashash xonadonida uyqudan uyg‘ongan vaqtida bosh qismida bo‘lgan bahosi 2 million so‘mlik “Honor 10" rusumli telefon apparatini nomaʼlum shaxs tomonidan o‘g‘irlab ketilganligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberxavfsizlik markazining tezkor guruhi tomonidan tezkor tadbirlar olib borildi.
Qayd etiliishicha, tadbir jarayonida ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi, yollanma ishchi, 1990-yilda tug‘ilgan S.X sodir etganligi aniqlandi. Uning yonidan ashyoviy dalil tariqasida telefon apparati olib qo‘yildi.
S.X.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishildi. S.X.ning yana boshqa turdagi telefon va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi bo‘yicha maʼlumotlar olinib, uning boshqa qilmishlari bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Namanganda 48 yoshli ayolning velosipedi o‘g‘irlab ketilgani, uyushgan guruh eshik qulfini buzib kirib do‘konni o‘margani, Uchtepada 15 mln so‘m miqdoridagi qariyb 1000 metrlik kabellar o‘g‘irlangani hamda Toshkentda bankomatni buzib, ichidan 165 mln so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.


