Bugun, 17 aprel kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Sohil” bolalar oromgohida sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasidagi sayyor tibbiy qabullar boshlandi. Bu xaqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, unda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilishga kirishgan.
Aksiya Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bo‘lgani kabi Surxondaryoda ham ikki bosqichda o‘tkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o‘rganmoqda.
Qaysi hududda qanday kasalliklar ko‘p tarqalgan bo‘lsa, shunga ko‘ra, joylarga aynan shu yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.
Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi o‘rganish natijalari yakunlariga ko‘ra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar o‘tkazish rejalashtirilgan.