1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Surxondaryoda YPX xodimini kapotda sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rildi

Surxondaryoda YPX xodimini Lacetti kapotida 3-4 kilometrgacha sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

Surxondaryoda YPX xodimini kapotda sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rildi

 

 

Maʼlum qilinishicha, voqea 13-sentabr kuni Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida yuz bergan. Tumanning «Surxon sohili» MFY hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimi “Lacetti” haydovchisi T.H. yo‘lning qatnov qismida sababsiz to‘xtab, sunʼiy tirbandlik hosil qilgani sababli ushbu avtomashina haydovchisining yoniga borib, o‘zini tanishtirgan va tegishli hujjatlarni taqdim etishni, mashinani yo‘lning chetiga olishini aytgan.

 

Haydovchi inspektorning qonuniy talabini bajarmasdan, avtomashinani uning ustiga haydagan. Xodim to‘xtab turgan avtomashina oldida bo‘lganligi sababli uning old kapotiga osilib qolgan. Harakatlanib borayotgan avtomashina old qismida bo‘lgan YPX inspektori haydovchini bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan uni, taxminan, 3-4 kilometr masofagacha haydab ketgan.

 

 

Qayd etilishicha, avtomashinani burib harakatlanish jarayonida YPX xodimini yiqitib yuborib, tan jarohati yetkazib, uni xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan holda voqea joyidan qochib ketgan.

 

Holat yuzasidan 25-sentabr kuni tuman prokurori tomonidan fuqaro T.H.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Uning jinoiy harakatlari bodikamerada yozib olingan videotasma, sud tibbiy, kriminalistika, avto tex, trosologiya ekspertizalari, guvohlarning ko‘rsatmalari va jinoyat ishidagi boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

 

27-sentabr kuni unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan ayb eʼlon qilinib, jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan. Shu kuni JIB Qumqo‘rg‘on tuman sudning ajrimi bilan tuman prokurorining iltimosnomasi qanoatlantirilib, T.H.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Avvalroq Samarqandda yuk mashinasi YPX xodimining xizmat mashinasi bilan to‘qnashgani, Surxondaryoda mast haydovchi ikki nafar YPX inspektorini sudrab ketgani, hamda Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay qochib ketgandi. Shuningdek, Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqarolar qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика