1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkent havosi ifloslanishi bo‘yicha dunyo reytingida birinchi o‘ringa chiqdi

Toshkent aeroportida chang sabab ko‘rinish 5 km gacha pasaydi.

Toshkent havosi ifloslanishi bo‘yicha dunyo reytingida birinchi o‘ringa chiqdi

Joriy yilning 22-sentyabr kuni soat 14:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri dunyo bo‘yicha havo ifloslanish darajasida yetakchilik qilmoqda. Xalqaro IQAir portalining ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt havosi “binafsharang” xavf darajasiga yetib, nafas olish uchun eng noqulay sharoitlardan birini yuzaga keltirdi.

 

Asosiy ifloslantiruvchi sifatida qo‘pol PM10 zarrachalari qayd etilgan bo‘lsa, PM2.5 mayda chang zarrachalari miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan yillik o‘rtacha me’yorlardan qariyb 9,4 baravar yuqori ekani kuzatilmoqda.

 

Eng xavfli ko‘rsatkichlar Uchtepa va Olmazor tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, ular “jigarrang” xavflilik darajasini ko‘rsatmoqda. Eng nisbatan toza havo Sergeli tumanida aniqlanib, “yashil” xavf darajasi qayd etilgan.

 

Xalqaro reytingda Toshkent Hindistonning Kalkutta, Kongo Demokratik Respublikasining poytaxti Kinshasa shaharlarini ortda qoldirgan. Kuchli beshlikka shuningdek Isroilning Tel-Aviv va Qozog‘istonning Olmaota shaharlari ham kirdi.

 

Mazkur vaziyatda aholiga quyidagi tavsiyalar berilmoqda:

 

tashqarida uzoq vaqt bo‘lishni cheklash;

 

derazalarni yopiq holda saqlash;

 

zarurat bo‘lsa, tashqarida niqob yoki maxsus respiratorlardan foydalanish.

 

Shuningdek, hafta boshida qayd etilgan magnit bo‘ronlari inson salomatligiga qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislar bunday holatda qon bosimi o‘zgarishi, bosh og‘rig‘i va holsizlik kabi belgilar kuzatilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroportida soat 17:00 holatiga ko‘ra, kuchli chang tufayli ko‘rinish masofasi 5 km gacha pasaygan. Shamol oqibatida chang Qozog‘iston janubi va Toshkent viloyati hududlaridan shaharga kirib kelmoqda.

 

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan bo‘lib, havodagi PM2.5 zarrachalari milliy standartlardan 2–3 baravar yuqori ekani bildirildi.

 

Mutaxassislarning fikricha, bunday ko‘rsatkichlarning sababi transport vositalari va sanoat chiqindilari bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari, yashil hududlarning qisqarishi va daraxtlarning kesilishi bilan ham bog‘liq.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика