Joriy yilning 24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlangandi. Holat bo‘yicha Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov ishi sinchkovlik bilan to‘la va sifatli o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etilgan.
Hozirda tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida.
Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil etildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.


