Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘lovchi avtobus cho‘kkan yo‘lga botib qoldi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 101-sonli avtobus yo‘nalishida tasarruf etilayotgan “MAN” rusumli avtobus soat 05:40 larda M.Ulug‘bek tumani Gulsanam ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelib, TTZ bozori bekatiga to‘xtash vaqtida transportning o‘ng tomoni yerga cho‘kib ketgan.
Maʼlum bo‘lishicha, yo‘lning qatnov qismida olib borilgan taʼmirlash ishlaridan so‘ng yo‘l qatnov qismi avtobusning og‘irligini ko‘tara olmagan.
Voqea joyiga “5-Avtobus saroyi” filiali rahbari va masʼul xodimlar zudlik bilan yetib borib, avtobusni yerdan olib chiqish choralarini ko‘rgan va soat 10:10 larda avtobus cho‘kish joyidan olib chiqilgan. Mazkur hodisa oqibatida yo‘lovchilarga tan jarohati yetmagan.
“Hozirda avtobus soz holatda bo‘lib, sanitar holati tartibga keltirilib, qayta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish uchun tasarruf etilganligini maʼlum qilamiz”, deyiladi xabarda.


