Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi. Tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatgan mutaxassislarga davlat mukofotlari topshirildi hamda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 4 mingdan ziyod mahallada bog‘cha yo‘q edi va qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan ortiqni tashkil etmoqda, qamrov esa 78 foizdan oshdi. Yaqin yillarda barcha mahallalarda bog‘chalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qamrovni kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi qarorga ko‘ra, bog‘cha tarbiyachilari maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan boshlab bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil maosh oladi. Shu tariqa, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb ikki barobarga oshdi.
Eng muhim yangiliklardan biri – xususiy bog‘chalarda ham tarbiyachilar oyligi va bolalar xarajatining ma’lum qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy etilib, ularning kasbga yo‘naltirilishi yoki oliy ta’limga kirishi uchun keng imkoniyat yaratiladi.


