Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.
Korxonaning asosiy faoliyati ulgurji savdo amalga oshirish bo‘lsa-da, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot-tashviqot uyushtirib, ushbu korxonaga tilla va kumush buyumlarini investitsiya tariqasida kiritganlarga haftasiga 2,3%, yiliga 40% dan 262% gacha daromad berib borish bilan qiziqtirgan. Natijada, minglab fuqarolardan 100 AQSH dollaridan 10.000 AQSH dollarigacha bo‘lgan narxdagi tilla va kumush buyumlarni qo‘lga kiritgan.
— Ular mijozlar oldidagi majburiyatlarini yangi mijozlar hisobidan go‘yoki daromad sifatida plastik kartalariga maʼlum miqdorda pul mablag‘ini o‘tkazish yo‘li bilan qiziqtirib, respublika bo‘yicha minlab fuqarolarning juda ko‘p miqdorga teng bo‘lgan mulkini qo‘lga kiritgan. Jabrlanganlar soni, asosan, Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Buxoro, Qaraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi, — dedi IIV Tergov departamenti o‘ta muxim ishlar bo‘yicha tergovchisi Maʼmur Rahmatullayev.
IIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi 2021-yil 17-noyabrda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan xorijiy korxona va uning mansabdor xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 181-moddasi 2-qismi "v","g" bandlari bilan qo‘zg‘atilgan. Mansabdorlar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Shuningdek, 22-noyabrda kuni jinoyat ishi Tergov departamenti ish yurituviga olingan.


