DXX axborot xizmati xabariga ko‘ra, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi mahalliy fuqaro bilan kelishib, Urganch tumanidagi tashkilot balansida bo‘lgan 30 sotix yer maydonini boshqa shaxs nomiga tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qiladi.
Qayd etilishicha, DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Ular so‘ralgan puldan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Xorazmda kuzatilgan yana bir holatda esa Xiva shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga Urganch shahri hududidan 2 sotix yer maydoni olib berish uchun 30 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlandi.
Taʼkidlanishicha, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida 106 gektar yer maydonida 516 ta holatda qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgandi.
Avvalroq Sirdaryoda noqonuniy yerdan foydalanib, imorat tiklagan fuqaroga ogohlantirishdan so‘ng chora ko‘rilgani, Jarqo‘rg‘on tumanida zaxiradagi yerni sotmoqchi bo‘lgan firibgar ushlangani, Farg‘onada “auksion” orqali arzon yer maydoni olib beraman deb 60 million so‘mni qo‘lga kiritgan shaxs qo‘lga olingani hamda DXX tomonidan noqonuniy yer sotish holatlarining oldi olingani haqida xabar berilgandi.


