Yaponiya parlamenti tarixiy qaror qabul qilib, 64 yoshli siyosatchi Sanae Takaichini mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. Shu tariqa u Yaponiya tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.
Takaichi Liberal Demokratik partiya (LDP) yetakchisi sifatida parlamentning quyi palatasida zarur ovozlarni to‘plab, rasmiy ravishda hukumat boshlig‘i lavozimini egalladi. Uning partiyasi “Japan Innovation Party” bilan tuzgan koalitsiya yordamida hukumatni shakllantirdi.
Yangi bosh vazir mamlakat iqtisodiyotini barqarorlashtirish, yashash xarajatlarini kamaytirish, milliy xavfsizlikni mustahkamlash va Yaponiya konstitutsiyasini zamon talablari asosida isloh qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Takaichi, sobiq bosh vazir Sindzo Abening yaqin safdoshi bo‘lib, u bilan bir qatorda konservativ qarashlari va milliy qadriyatlarga sodiqligi bilan tanilgan.
Takaichining asosiy vazifalari qatorida inflyatsiyani jilovlash, aholi turmush darajasini yaxshilash, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va xalqaro ittifoqchilar — xususan, AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlash bor.
Yaponiyada ilk marotaba ayol bosh vazirning hokimiyat tepasiga kelishi mamlakat siyosiy hayotida yangi sahifa ochgan voqea sifatida baholanmoqda.


