Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida birinchi metro liniyasi qurilishi 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda. Mazkur yo‘nalish shaharning janubiy qismidan markazgacha cho‘zilib, umumiy uzunligi 10,5 kilometrni tashkil etadi.
Bu haqda Dushanbe shahar hokimining o‘rinbosari Rahmiddin Salomzoda ma’lum qildi.
2022-yil mart oyida Tojikiston Transport vazirligi hamda Koreya Milliy temir yo‘l kompaniyasi o‘rtasida metro tizimini loyihalash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Loyiha doirasida Transport vazirligi, Dushanbe shahar hokimligi va Janubiy Koreyaning bir qator kompaniyalari mutaxassislari hamkorlikda ish olib bormoqda.
Metroning ishga tushirilishi yakunlangach, Tojikiston Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘istondan keyin metro tizimiga ega bo‘lgan uchinchi mamlakatga aylanadi.


