O‘ziga xos ta’m va tayyorlash uslubiga ega “Zomin qozon patiri” endilikda geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazildi. U mazkur ro‘yxatdagi 20-geografik ko‘rsatkich bo‘ldi.
Ushbu mahsulot Jizzax viloyatining Zomin tumanida qadimdan tayyorlanib kelinadigan, mahalliy sut, saryog‘ va alohida qorilgan xamirdan tayyorlanadigan non bo‘lib, qozonda pishirilishi, xos ta’mi va an’anaviy sifati bilan ajralib turadi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi natijasida endi bu mahsulotning nomi, sifati va kelib chiqish manbai qonuniy himoyaga ega bo‘ladi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, hududiy brendni rivojlantirish va iste’molchilarga haqiqiy, sifatli mahsulot yetkazishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, geografik ko‘rsatkich — bu mahsulotning muayyan hududga xos ekanligini tasdiqlovchi va sifatini qonuniy jihatdan himoya qiluvchi belgi bo‘lib, u mahsulotning kelib chiqish joyi, an’anaviy retsepti va o‘ziga xos xususiyatlarini davlat kafolatlaydi.


