Qirgʻizistonning yana bir sobiq prezidenti tergov qilindi
Qirgʻiziston sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov “Qumtor” ishi doirasida tergov qilindi.


Qirgʻiziston milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Jeenbekov hozirda guvoh sifatida ishtirok etmoqda. Qoʻmita 2017-yilda kon boʻyicha tuzilgan shartnoma yuzasidan sobiq prezidentni soʻroq qilgan. Jeenbekov shartnoma tuzilgan paytda Qirgʻiziston Bosh vaziri boʻlgan.
Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Jeenbekovga nisbatan tergovni davom ettiradi. Ish yakunida barcha ishtirokchilar harakatlariga ularning lavozimi va imtiyozidan qatʼiy nazar huquqiy baho beriladi.
“Qumtor” — Qirgʻizistonning eng yirik oltin koni boʻlib, u uzoq yillar davomida Kanadaning “Centerra” kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. Kompaniya boshqaruvi yillarida juda katta firibgarliklar amalga oshirilgani maʼlum boʻlgan.
Bundan avval 1991—2005-yillarda Qirgʻiziston prezideti boʻlgan Asqar Akayev “Qumtor” koni boʻyicha jinoiy ish doirasida Moskvadan olib kelingan edi . Akayev bir necha kundan keyin Moskvaga qaytib ketdi. U “Qumtor” boʻyicha tuzilgan shartnoma “katta xato” boʻlganini aytgan.







