Qirg‘iziston sobiq prezidentiga yangi ayblovlar qo‘yildi
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga yangi ayblovlar qo‘yildi, deya xabar bermoqda “TASS”.


Atambayev 2020 yilning oktyabrida ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarish va hokimiyatni kuch bilan egallashga harakat qilishda ayblanmoqda. Bu haqda uning advokati Sergey Slesarev maʼlum qilgan.
Advokatning qayd etishicha, Atambayev tartibsizliklar boshlangan kunda qamoqda yotgan va uning jismonan ishtirok etishi mumkin bo‘lmagan. Shuningdek, sobiq prezident adminstratsiyasi boshlig‘i Farid Niyozov, sobiq tansoqchi Kanat Sagimbayev, IIV sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov ham ushbu ishga jalb qilingan.
2020 yil oktyabr boshida Bishkek markaziy maydonida turli siyosiy kuchlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan. Unda Sadir Japarov g‘alaba qozongan va shunday yo‘l bilan u Qirg‘izistonning amaldagi prezidentiga aylangan.
Almazbek Atambayev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonni boshqargan. 2019 yilda qo‘lga olingan. U korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan edi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Qumtor” koni bo‘yicha ish doirasida yana bir sobiq prezident – Asqar Akayev Moskvadan olib kelingan. Shuningdek, 2017-2020 yillarda Qirg‘iziston rahbari bo‘lgan Sooronbay Jenbekov ham tergovga chaqirilgan.
Jahongir Qo‘ziyev







